Янгиликлар
ASAKADA BYUROKRATIYAGA YO‘L QO‘YGAN 50 NAFAR MAS’ULLARGA INTIZOMIY CHORALAR KO‘RILDI
Adliya organlari tomonidan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha muntazam ravishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Asaka tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi bolalarning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar davomida ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mas’ulari tomonidan hozirgi kunga qadar ota-onalardan ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilishda pasport nusxalari, fotosuratlari va mahalla fuqarolar yig‘inlaridan yashash joyi bo‘yicha yashayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar so‘rash holatlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ustavlari monitoring tartibida o‘rganilganida tumandagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ustavlarining 4-bob, 24 bandida maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilishda “Bolaning qonuniy vakillari uning tibbiy xaritasi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi, qonuniy vakilining pasport nusxasi va 2 dona fotosurat” larini olish tartibi belgilanganligi ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 avgustdagi 510-sonli qaroriga asosan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilishda “Bolaning qonuniy vakillari uning tibbiy xaritasi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi, qonuniy vakilining pasport nusxasi va 2 dona fotosurat” olish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 may kungi 391-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomdan chiqarib tashlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6191-son Farmoniga asosan shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi va shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati olish tartibi bekor qilingan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuning 32 moddasida ta’lim tashkilotining ustavida, ta’lim turi va shakli, ta’lim tashkilotining maqsad va vazifalari, o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish hamda mazmuni, ta’lim tashkilotiga qabul qilish tartibi, ta’lim tashkilotining tuzilmasi, boshqaruv organlari va jamoatchilik tuzilmalari,ta’lim oluvchilar, pedagog kadrlar, o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha xodimlar, ma’muriy-boshqaruv xodimlarining maqomi, huquqlari va majburiyatlari, ta’lim tashkilotining mol-mulki va vositalari, ta’lim tashkilotini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi belgilanishi hamda ta’lim tashkilotining ustavi ta’lim tashkilotining ta’sischilari tomonidan tasdiqlanadi va hududiy tegishlilik bo‘yicha Davlat xizmatlari markazi tomonidan ro‘yxatga olinishi ko‘rsatilgan.
Shunga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan Asaka tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdimnoma kiritildi va natijada barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ustavlari O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 may kungi 391-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiklashtirildi hamda bolalarni qabul qilishda ota-onalardan pasport nusxalari, fotosuratlar va mahalla fuqarolar yig‘inlaridan yashash joyi bo‘yicha ma’lumotnomalarni taqdim qilishlikni so‘ragan 50 nafar mas’ullarga “Xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘lanilib amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan 49 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ustavlari bekor qilinishi ta’minlandi.