Янгиликлар
C1 sertifikatga ega bo`lgan 24 nafar pedagoglarga sudning qaroriga asosan 151 mln so`m miqdorida qoʼshimcha ustama haq to`lash belgilandi.
Xo‘jaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman Xalq ta`limi bo`limiga qarashli umumtaʼlim maktablarining C1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo`lgan bir guruh xorijiy til (rus tili) fani oʼqituvchilarining ularga 50% miqdorida qoʼshimcha ustama tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan toʼlab berilmayotganligidan norozi boʼlib qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi.
Oʼrganish natijasida, tuman xalq taʼlimi boʼlimiga qarashli umumtaʼlim maktablarida C1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʼlgan 24 nafar rus tili fani oʼqituvchilari faoliyat yuritishlari, tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50% miqdorida qoʼshimcha ustama toʼlab berilmayotganligi aniqlandi.
Vaholanki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi “Oʼzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʼrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5117-sonli qarorining 5-bandida 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab taʼlim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar oʼqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʼshimcha ustama haqi toʼlab borilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni oʼrganishni ommalashtirish agentligi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining “Xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʼyxatini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar oʼrtasidagi muvofiqlik darajasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi
2021 yil 31 avgustdagi qarori ilovasida rustili boʼyicha “Test po russkomu yaziku kak inostrannomu (TRKI)” С1 sertifikati xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlar roʼyxatiga kiritilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Xo‘jaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman xalq ta`limi bo`limiga nisbatan C1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʼlgan 24 nafar rus tili fani oʼqituvchilariga to`lanmay kelingan jami 151 mln so`m miqdorida qoʼshimcha ustama haq to`lash bo`yicha sudga davo arizalari kiritilib sudining hal qiluv qaroriga asosan davo arizalar to`liq qanoatlantirildi.