Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Aksiya doirasida adliya organlari tomonidan sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining umumiy qiymati 10 mlrd soʻmdan oshdi


Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 15-martdan 15-mayga qadar “Sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning15-mart — 22-aprel kunlari davomida soha xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida adliya organlari tomonidan tele va radiokanallar, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy axborotni tarqatish shaklida, shuningdek tibbiyot va taʼlim tizimi xodimlari uchun sayyor qabullar, seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazish shaklida jami 15 000 dan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirildi.

Aksiya doirasida adliya organlariga 5 727 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, shundan, 3 890 tasi (68 %) qanoatlantirildi, 453 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 26 ta murojaat tegishliligiga koʻra vakolatli organlarga yuborildi. Hozirda 1 358 ta murojaatlar ish yurituvida koʻrib chiqilmoqda. 

Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (935 ta), Fargʻona (559 ta) va Qashqadaryo (557 ta) viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda. 

Hududiy adliya organlari tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 1 587 ta taqdimnoma, 1 832 ta ogohnoma, 218 ta maʼmuriy va 3 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga umumiy qiymati 10 mlrd. 847 mln. soʻmlik 2 594 ta daʼvo arizalari kiritildi.

Koʻrilgan taʼsir choralari natijasida 7 mlrd. 811 mln. soʻm mablagʻlar (ish haqi, ustama va boshqa toʻlovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, noqonuniy bo‘lgan 714 ta hujjat bekor qilinib, 503 ta shaxs intizomiy, 102 ta shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Xususan, murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrildi. Jumladan, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Buxoro shahar 24-sonli koʻrish boʻyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasida ishlovchi xodimlar F. Safarov, V. Umrzoqov, M. Tasheva, N. Ochilova, S. Hamidov va B. Sharopovlarning murojaatlari oʻrganish davomida, xodimlarga davlat rahbarining 2019-yil 3-maydagi, “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4306-sonli qaroriga asosan ustama haqi toʻlanmayotganligi aniqlanib, qaror ijrosini taminlash boʻyicha Buxoro viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. 

Natijada, N. Ochilovaga 24,8 mln. soʻm, F. Safarovga 51,4 mln. soʻm, B. Sharopovga 14,4 mln. soʻm, M. Teshayevaga 51,0 mln. soʻm, V. Umrzoqovga 36,0 mln. soʻm, S. Xamidovga 58,6 mln. soʻm, jami 236,2 mln. soʻm toʻlanmay qolgan pul mablagʻlari fuqarolarga undirib berildi.

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi Qoʻshrabot tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqaro M. Boymurodovaning Qoʻshrabot tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan homiladorlik va tugʻruq nafaqasi toʻlanmayotganidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaatini oʻrganish davomida fuqaroga 5,6 mln. soʻm miqdorda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanmaganligi aniqlandi.

Mehnat kodeksining 233-moddasiga koʻra, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanishi, homiladorlik va tugʻish taʼtili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʻliq berilishi lozim.

Yuqoridagilarga koʻra, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlanmagan nafaqa pullarini undirib berish boʻyicha Qoʻshrabot tuman adliya boʻlimi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Ishtixon tumanlararo sudiga kiritilgan ariza qanoatlantirildi.

Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensatsiyalarning toʻlanib borishi holati monitoring oʻtkazish yoʻli bilan ham oʻrganilmoqda.

Aksiya davomida oʻtkazilgan monitoringlar natijasida:

-ish haqining belgilangan muddatda toʻlanmasligi (5 518 ta);

-ustamalarning toʻlanmasligi (2 465 ta);

-foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi (278 ta);

-xodimlarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga qabul qilish (247 ta);

-olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlab berilmasligi (298 ta);

-birlamchi va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlgan holatlar (71 977 ta);

-majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (19 ta) va boshqa koʻplab qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida xodimlarga maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlarining toʻlab berilishi holati tahlil qilinganida, 110 nafar xodimlarga 2022-yilning yanvar-fevral oylari uchun qariyb 146 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari toʻlanmaganligi aniqlanib, qonunbuzilishi holatlari, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialiga kiritilgan taqdimnomaga asosan 110 nafar xodimlarga toʻlanmasdan qolgan 146 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari toʻlab berilishi taʼminlandi.

Yangibozor tuman adliya boʻlimi tomonidan tumandagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ish haqi toʻlanilishi holati tahlil qilinganida, xodimlarga 72,3 mln. soʻm miqdoridagi ish haqlari toʻlanmaganligi aniqlangan. Holat yuzasidan tuman adliya boʻlimi tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablariga 25 ta taqdimnoma xamda qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasida Yangibozor tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga taklif kiritildi.

Aksiya doirasida oʻrganishlar davom etmoqda…