Янгиликлар
Andijon viloyatr adliya boshqarmasi tomonidan "Adliya sayli" o'tkazildi
Tadbirda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va ularga kiritilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalar haqida oddiy tilda tushuntirishlar berish maqsadida koʼrgazmali targʼibot materiallari bilan jihozlangan «Huquqiy axborot burchak”lari tashkil etildi. Аxborot burchaklarida oila, uy-joy, yer, soliq, bank, tadbirkorlikka oid, mehnat, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy himoya, taʼlim, isteʼmolchilarning huquqlari va boshqa hayotiy muhim masalalar boʼyicha tayyorlangan huquqiy qoʼllanmalar tarqatilib, maslahatlar berildi.
Shuningdek, viloyat yuridik texnikumi oʼquvchilari tomonidan “Street law” loyihasi doirasida huquqiy mavzudagi mingdan ortiq flaer, bukletlar, Аdliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali, “Advice” huquqiy portali hamda “Lex.uz” sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar toʼgʼrisidagi 200 dan ortiq targʼibot materiallari tarqatildi.
Sayl doirasida viloyat bandlik bosh boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Boʼsh ish oʼrinlari” yarmarkasi, mahalliy hunarmandlar tomonidan yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari koʼrgazmasi tashkil etildi. Yarmarkada oʼn nafardan ortiq fuqaro ish bilan taʼminlangan boʼlsa, yana 30 dan ziyod hamyurtlarimizga soha mutaxassislari tomonidan mehnat qonunchiligi boʼyicha tushunchalar berildi. Bundan tashqari nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan, milliy madaniy markazlar, sport federatsiyalari hamda boshqa sohadagi tashkilotlar vakillari tomonidan ham oʼz faoliyatini targʼib qiluvchi koʼrgazmali chiqishlar amalga oshirildi. Xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash maqsadida tikuvchilik, kasanachilik bilan shugʼullanayotgan ayollarning amaliy ishlari koʼrgazmasi ham tashkil etildi. Bunda “Аyollar daftari”, "Yoshlar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlar bandligiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Huquqingizni bilasizmi?” viktorina oʼyini esa umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʼquvchilarining huquqiy savodxonligini sinovdan oʼtkazdi. Viktorina davomida gʼolib boʼlganlar va ishtirokchilarga Аdliya boshqarmasining esdalik sovgʼalari topshirildi.
Tadbirda sanʼat ustalari, estrada xonandalarining ohanrabo kuy-qoʼshiqlari yangradi. Shuningdek, huquqiy maʼlumotlar keng targʼib qilinib, ishtirokchilar ijtimoiy faollikka chorlandi, aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish maqsadida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilinib, ularni qiziqtirgan masalalarda huquqiy tavsiyalar, amaldagi qonun hujjatlari va ularda belgilangan imtiyozlar, shuningdek, majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Viloyat adliya boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabullar davomida esa fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish choralari koʼrildi.