Янгиликлар
17
Ishdan noqonuniy bo‘shatilgan musiqa rahbari ishga tiklandi.
Hidoyatxon Akbaraliyeva uch yildan buyon Andijon shahridagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida musiqa rahbari lavozimida ishlab keladi. U so‘nggi paytlarda turli sabablar tufayli rahbariyat bilan kelisholmay qoldi. Bosimlardan charchagan musiqa rahbari joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shatilishini so‘rab, ariza beradi. Arizani taqdim qilayotganida unga sana qo‘ymasligini aytib, qabul qilib olishadi.
Biroq, ish beruvchi 15-iyun sanasida taqdim qilingan arizani o‘z vaqtida ko‘rib chiqmadi. Qonunchilikda belgilangan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, H.Akbaraliyeva ishdan bo‘shatilmay, o‘z ishini davom ettirib keldi. Joriy yilning 22-iyul kuni muassasa rahbariyati H.Akbaraliyevaga o‘z arizasiga muvofiq 15-iyuldan ishdan bo‘shatilganligini bildiradi.
– Huquqlari poymol bo‘layotganligini bilgan H.Akbaraliyeva noqonuniy ishdan bo‘shatilganligidan norozi bo‘lib, viloyat adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi. Uning ishga qayta tiklashda yordam berilishini so‘rab qilgan murojaati qonunlar, tegishli tartiblar doirasida o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida H.Akbaraliyevaning o‘z xohishiga ko‘ra, yozgan arizasida 2022-yil 1-iyuldan ishdan bo‘shatish so‘ralgan bo‘lib, imzo qismida ham aynan ushbu sana qayd etilganligi, ish beruvchi tomonidan buyruq joriy yilning 15-iyul sanasidan rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, murojaatchi ishdan bo‘shaganlik haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan hamda mehnat daftarchasi taqdim qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 99-moddasining 4-xatboshida xodim tomonidan ishdan bo‘shash haqidagi ariza berilgandan so‘ng “Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan bo‘lsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, bunday holda mehnat shartnomasini shu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilab qo‘yilgan. Biroq maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariyati mazkur normani buzgan. Qolaversa, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi tomonidan buyruq nusxasi xodimga taqdim etilmagan.
O‘rganish davomida Andijon shahridagi 20-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi hamda kadrlar bilan ishlash vazifasi yuklatilgan xodim buyrug‘ini rasmiylashtirishda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro H.Akbaraliyevani o‘z ish joyiga tiklash hamda qonun hujjatlarining buzilishi holatini bartaraf etish to‘g‘risida MTT rahbariyatiga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma ijrosi natijasida, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan H.Akbaraliyeva ishga qayta tiklandi.
Yuqoridagilarga asosan, Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro H.Akbaraliyevani o‘z ish joyiga tiklash hamda qonun hujjatlarining buzilishi holatini bartaraf etish to‘g‘risida MTT rahbariyatiga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma ijrosi natijasida, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan H.Akbaraliyeva ishga qayta tiklandi.