Янгиликлар
19
Shahrixonlik kutubxonachilarga qo‘shimcha ustamalar to‘lab berildi.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barcha turdagi maktablar, o‘rta maxsus va kasb-hunar o‘quv yurtlari kutubxonachilariga yoki boshqa xodimlarga darsliklarning kutubxona fondi bilan shug‘ullanganliklari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,6 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilangan. Shuningdek, keyingi har bir 1500 nusxa darsliklar uchun 5 foiz, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10,6 foizidan ko‘p bo‘lmagan qo‘shimcha haq to‘lanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu qaror ijrosi qanday tarzda amalga oshirilayotganini o‘rganish maqsadida Shahrixon tuman adliya bo‘limi tomonidan xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining kutubxona mudirlari hamda kutubxonachilariga oylik ustama haqlarining to‘lanishi holati bo‘yicha huquqiy monitoring o‘tkazildi.
Monitoring va tahlillar natijasida 98 nafar kutubxonachiga darsliklar va kutubxona fondi bilan shug‘ullanganliklari uchun qo‘shimcha 2021 yildan 2022 yilning may oyiga qadar 40 mln. 724 ming so‘m qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmaganligi aniqlandi.
Ushbu qonunbuzilish holati yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnomaga asosan kutubxonachilarga berilmagan qo‘shimcha to‘lovlar undirilib, bundan keyin har oyda oylik ish haqiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borilishi yo‘lga qo‘yildi.