Янгиликлар
Tugʻilganligi oʻz vaqtida qayd qilinmagan toʻrt nafar bolaga “metrika”lar berildi
Andijon shahrining “Sogʻlom turmush» mahallasida yashovchi Zamiraxon Akbarova 2011-yilda Vohidjon Akbarov bilan taqdir yoʻllarini bogʻlagan. Oʻn bir yillik turmushi davomida bir oʻgʻil va uch nafar qizni dunyoga keltirishdi. Ularning toʻngʻichi Abduvosid yaqinda oʻn yoshni qarshilagan boʻlsa, kenjatoy Solihaxon toʻrt yoshga toʻlish arafasida. Biroq bolajonlar hanuzgacha shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega emas. Boisi Zamiraxon farzandlarini tibbiy muassasadan tashqarida, oʻzining yashash xonadonida dunyoga keltirgan. Natijada bolalarning tugʻilganligi birorta Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd qilinmagan.
- Har yili xonadonimizga turli davlat idoralaridan kelgan shaxslar muammolarimizni daftarlariga yozib, hal qilib berishlarini aytib ketishardi,- deydi Zamiraxon Akbarova. - Biroq hech qanday natija boʻlmagan. Kelganlar ham huquqiy tushuncha berishmaganligi sababli qayerga va qanday uchrashni ham bilmaganmiz. Bahorda mahallamizda oʻtkazilgan sayyor qabul davomida adliya xodimlariga muammoimizni aytganimizda qonuniy tartiblarini tushuntirishib, yordam berishlarini aytishdi. Ularning maslahati bilan Andijon shahar FHDYO boʻlimiga farzandlarimining tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvini muddatini oʻtkazib qayd etishni soʻrab murojaat qildim. Biroq ular haqidagi maʼlumotlar 2009-2022-yillar davomida dalolatnoma yozuvlarida mavjud emasligi aniqlangan va murojaatimiz rad qilingan edi.
Murojaat FHDY organi tomonidan rad qilingan boʻlsada adliya boʻlimining aralashuvi bilan joriy yilning 3-avgust kuni “Sogʻlom turmush” mahallasida mahalla raisi, hududiy profilaktika inspektori, ayollar faoli, guvohlar va doyalik qilgan shaxslar ishtirokida yigʻilish oʻtkazilgan. Yigʻilish davomida Z.Akbarova oʻzining yashash xonadonida Raʼnoxon Akbarova va Rahimaxon Butaboyevalar guvohligida oʻgʻil va qiz jinsli farzandlarini dunyoga keltirganligini, ismlarini Abduvosid, Xanifa, Ruzixon va Solihaxon ekanligini tasdiqlab, ushbu farzandlarini tugʻilishiga doyalik qilganligini maʼlum qilgan.
Toʻplangan maʼlumotlar asosida adliya boʻlimi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudiga Zamiraxon Akbarovaning manfaatini koʻzlab “Shu onadan tugʻilganlik faktini belgilash haqida” gi daʼvo arizasi kiritildi.
Kuni kecha sudning 28-oktyabrdagi qaroriga asosan Andijon shahar FHDY boʻlimi tomonidan Abduvosid, Xanifa, Ruzixon va Solihaxonlarga tugʻilgan haqida guvohnomalar topshirildi.
Azizbek Raupov,
Andijon shahar adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi.