Янгиликлар
Tibbiyot xodimiga tayinlangan noqonuniy maʼmuriy jarima bekor qilindi
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida”gi Nizomda yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas deb topish uchun asos hisoblanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Biroq ayrim rahbarlar Prezident qarori ijrosini taʼminlash oʻrniga, oʻzboshimchalik bilan buyruq, shartnoma va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning Markaz bilan kelishmasdan imzolayotganliklari aniqlanmoqda. Mana shunday holatlarga yoʻl qoʻyayotganlar orasida Marhamat tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi boshligʻi U. Toshmirzayev ham bor.
Gap shundaki, Marhamat tuman tibbiyot birlashmasi onalik va bolalikni muxofaza qilish ishlari boʻyicha boshliq oʻrinbosi M.Mirzaliyev tuman adliya boʻlimiga murojaat qilib, SEO va JSB xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda tekshiruv oʻtkazilib, kompleks rahbariga nisbatan jarima jazosi qoʻllanilganligini maʼlum qilgan.
Oʻrganish davomida, haqiqatan ham U.Toshmirzayevning 2022-yilning 18-oktyabrdagi buyrugʻi bilan 18-22-oktyabr kunlari tuman tugʻruq kompleksida yalpi tekshirish oʻtkazilganligi, biroq buyruqni yuridik xizmat koʻrsatish markazi bilan kelishilmagan holda qabul qilganligi aniqlangan. Bundan tashqari mazkur buyruq asosida ishchi guruh tomonidan tekshirish yakuni boʻyicha sanitariya talablari buzilganligi yuzasidan dalolatnoma tuzilganligi va tugʻruq kompleksi rahbari N.Karimovaga nisbatan 2022-yil 25-oktyabr kuni BHMning 5 barobari miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllash haqida qaror chiqarilganligi maʼlum boʻldi.
Oʻrganish yakunlariga koʻra, tuman adliya boʻlimi tomonidan viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasiga qonunga zid maʼmuriy qarorni bekor qilish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma asosida buyruq bekor qilinib, N. Karimovaning buzilgan huquqlari tiklandi.
Sardorbek Hamroyev,
Marhamat tuman adliya boʻlimi boshligʻi.