Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Qonunbuzar elektr taʼminoti korxonalari xodimlari “Sirli mijoz” yordamida aniqlandi


Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-avgustdagi hamda 2021-yil 31-avgustdagi qarorlari bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlari ijrosi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan qanday taʼminlanayotganini nazorat qilish hamda qonunbuzilish holatlariga barham berish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Andijon filiali hamda uning tumanlardagi elektr taʼminoti korxonalarida “sirli mijoz” monitoring tadbirlari oʻtkazildi.
Tadbirlar davomida fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilish, ularni xizmat koʻrsatish jarayonlariga jalb qilish va ortiqcha toʻlovlar soʻrash kabi holatlar aniqlandi. Misol uchun “sirli mijoz” Yu.T. Qoʻrgʻontepa tuman elektr taʼminoti korxonasi xodimi M.Sh.ga murojaat qilib, Qorasuv shahridagi bozorda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotganligi sababli oʻziga tegishli boʻlgan binoni elektr tarmoqlariga ulash masalasida yordam berishni soʻragan. M.Sh. “mijoz”ga elektr hisoblagich uchun 2,2 mln. soʻm, texnik shartga 670.000 soʻm, Davlat xizmatlari markazi orqali ariza yuborish uchun 46.000 soʻm, elektr shitiga 100.000 soʻm hamda avtomat uchun 200.000 soʻm, jami 3 mln. 216 ming soʻm toʻlov qilish zarurligini tushuntirgan. Bundan tashqari transformatordan obyektgacha boʻlgan masofaga yetarli kabel olib berishini hamda xizmati uchun 100 AQSH dollari miqdorida pul berishini aytgan. Shuningdek, “mijoz”dan pasport nusxasi va tadbirkorlik subyektining guvohnomasini tashlab bersa Davlat xizmatlari markazi orqali oʻzi murojaatni yuborishini va barcha hujjatlari (texnik shart, shartnoma va boshqalar) tayyor boʻlganidan soʻng olib ketishi mumkinligini bildirgan.
Mana shunday holatlar monitoring davomida Jalaquduq, Xoʻjaobod, Buloqboshi, Izboskan, Oltinkoʻl, Asaka tumanlari elektr taʼminoti korxonalarida ham aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish, qonunbuzarlarga esa tegishli tartibda jazo tayinlash yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga monitoring tahlillari yuborilgan.

Nodirbek Muxtorov,
viloyat adliya boshqarmasi
 bosh maslahatchisi.