Янгиликлар
05
Kumushxon ayaning muammosi hal etildi

Shahrixonlik Kumushxon aya Nishonova yaqinda oʻzining 68 yoshini qarshilaydi. Oʻn toʻrt yildan buyon farzandlariyu nabiralariga bosh-qosh boʻlib kelmoqda. Nabiralari bilan band boʻlib, tashvishu gʻamlari boshidan arigan Kumushxon ayani ancha vaqtdan buyon davlat idoralariga ishi tushmagan edi. Qarangki, bir-ikki oy avval Kumushxon ayaga dabdurustdan pensiya berish toʻxtab qoldi. Shunda farzandlarini nega bunday boʻlganini oʻrganishga harakat qilishdi. Soʻrab surishtiruvlar davomida Kumushxon ayaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari ayrim sabablar bilan FHDY arxiv bazasiga kiritilmasdan qolganligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari tugʻilganligi qayd qilingan guvohnoma koʻchdi-koʻchdilardagi eʼtiborsizliklar natijasida yoʻqolib qolganligi aniqlandi.
Shahrixon tumani adliya boʻlimining Abdubiy mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabul davomida Kumushxon aya ushbu muammoni bartaraf etishda yordam soʻrab murojaat qilgan. Uning murojaatiga asosan kuni kecha FHDY boʻlimi tomonidan hujjatlar qayta tiklanib, shu asosida takroriy ravishda tugʻilganlik haqida guvohnoma berildi.