Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Andijonlik farmatsevtlarga tibbiyot birlashmasi aybi bilan bekor turib qolingan vaqtlari uchun oylik ish haqi undirib berildi



Andijon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ichki dorixonada taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi sababli xodimlar Z.Xoʻjayeva, M. Oʻrinova, M.Sattarovalarga birlashma boshligʻining 2021-yil oktyabrdagi buyrugʻi bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilgan.

Mehnat Kodeksining 150-moddasiga koʻra, xodimning arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi, lekin u oʻn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak. Shunga koʻra, mazkur xodimlarga berilgan ish haqi saqlanmagan holatdagi taʼtil muddati 2022-yilning yanvar oyida tugallanib, tegishli tartibda ishga qaytishi zarur boʻlgan. Biroq dorixonada taʼmirlash ishlari ular murojaat qilgan kunga qadar yakunlanmayotganligi bois ularning ishga qaytish imkoni mavjud boʻlmagan. Shunday boʻlsa-da ularga boshqa ish taklif qilinmagan yoki oʻrtacha oylik ish haqi ham toʻlanmasdan kelingan. Vaholanki, Mehnat Kodeksining 159-moddasida xodimning aybisiz yaroqsiz mahsulot tayyorlanganda va bekor turib qolingan vaqtda uning oʻrtacha ish haqi saqlanishi belgilangan.

Ushbu holat yuzasidan tuman adliya boʻlimiga qilingan murojaat asosida tuman tibbiyot birlashmasida oʻrganish olib borildi. Oʻrganish davomida Mehnat Kodeksining bir nechta moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.

Aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida adliya boʻlimi tomonidan tibbiyot birlashmasiga 2022-yil yanvar oyidan bekor turib qolingan vaqt uchun yuqoridagi xodimlarga oʻrtacha ish haqi pullarini toʻlab berish choralarini koʻrishlik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritildi. Natijada birlashma ichki dorixonasining farmatsevt assistentlari Z.Xoʻjayevaga 12 million, M.Oʻrinovaga 13 million hamda farmatsevt texnolog-analitik M.Sattarovaga 17 million soʻm ish haqi mablagʻlari toʻlab berilishi taʼminlandi.

Omadbek Anvarov,
Andijon tumani adliya
boʻlimi boshligʻi.