Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Buyruq oʻz kuchini yoʻqotdi. Negaki, u qonun talablariga mos emasdi



Prezidentimizning 2022-yil 18-martdagi “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yilning 1-avgustidan boshlab maktab, bogʻcha va tibbiyot muassasalariga Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Biroq ushbu qaror yuzasidan oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari va tushuntirishlarga qaramasdan ayrim shaxslar tomonidan qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.
Misol uchun, Jalaquduq tumani adliya boʻlimiga fuqaro Xursandbek Jumaboyev tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asossiz bekor qilinganini bildirib, ish joyiga tiklashda amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlum boʻlishicha X. Jumaboyev 2021-yilning 6-sentyabr kuni Jalaquduq tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 9-umumtaʼlim maktabi direktorining xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. Oʻtgan yilning 5-avgust kuni u boʻlim mudiri nomiga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Biroq maʼlum muddat oʻtgach avvalgi ish joyiga qaytish istagini bildirgan, rahbariyat esa shartnoma bekor qilinganligini bildirib, iltimosini rad etgan.
Oʻrganish davomida X. Jumaboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan buyruq loyihasi “e-huquqshunos” tizimi orqali Jalaquduq tuman yuridik xizmat koʻrsatish markaziga kelib tushmaganligi aniqlangan.
Vaholanki, birinchidan Mehnat Kodeksining 99-moddasiga muvofiq xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqli. Shuningdek, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan yoki taraflar kelishuvi boʻyicha belgilangan ogohlantirish muddati davomida xodim bergan arizani qaytarib olishga haqli.
Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan boʻlsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ariza oʻz kuchini yoʻqotadi, bunday holda mehnat shartnomasini shu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi ariza u oʻz ishini davom ettirishining imkoni yoʻqligi bilan bogʻliq boʻlsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerakligi koʻrsatilgan.
Ikkinchidan esa, “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 12-bandida yuridik xizmat koʻrsatilishi belgilangan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda qabul qilingan yuridik tusdagi hujjatlar yuridik kuchga ega emasligi hamda ular qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi belgilangan. Bundan koʻrinib turibdiki, qabul qilingan buyruq qonuniy kuchda emas, ariza esa qonunchilikda belgilangan muddat oʻtib ketganligi sababli oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tuman xalq taʼlimi boʻlimi kadrlar boʻlimi boshligʻi T.Anvarbekov oʻz tushuntirish xatida haqiqatan ham X. Jumaboyev oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq Yuridik xizmat koʻrsatish Markaziga yuborilmaganini tan olib, xodimning mehnat faoliyatini davom ettirishiga monelik qilinmasligini bildirgan.
Natijada X. Jumaboyevning oʻz vazifasiga tiklanishiga erishildi.

Shuhratbek Yusupov,
Jalaquduq tumani adliya
boʻlimi boshligʻi