Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Izboskanlik hamshira adliya aralashuvi bilan oʻz ishiga qaytarildi



Izboskan tumanining Amir Temur mahallasida yashovchi Mashhuraxon Otaxonova Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari harakatlaridan noroziligini bildirib, qonuniy tartibda oʻrganib, hal etib berishni soʻragan. Ushbu murojaat tuman adliya boʻlimiga yoʻnaltirilib, tegishli tartibda koʻrib chiqildi.
Aniqlanishicha, M.Otaxonova 2010-yil 1-fevralda tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga nomuayyan muddatga hamshira lavozimiga bir stavka asosida ishga qabul qilingan. 2021-yil sentyabr oyida birlashma boshligʻining buyrugʻi bilan 2021-yilning sentyabr oyidan 2022-yilning yanvar oyiga qadar boʻlgan muddatga homiladorlik va tugʻruq taʼtiliga chiqarilgan. Shunga asosan uning oʻrniga fuqaro G.Boltaboyeva bilan yarim stavka asosida muayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilingan.
Mashhura Otaxonov oilaviy sharoitidan kelib chiqib, 2022-yilning sentyabr oyida ishga qaytishga qaror qiladi. Uning ishga qaytishi tibbiyot birlashmasi boshligʻining 2022-yil 8-sentyabrdagi buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Biroq unga sentyabr-oktyabr oylari uchun oylik ish haqlari toʻlanmaydi.
Oʻrganish davomida M.Otaxonova oʻrniga ishga qabul qilingan G.Boltaboyeva ish oʻrnini boʻshatmayotganligi, aniqrogʻi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun kadrlar boʻlimi tomonidan masʼulyatsizlik qilinayotganligi aniqlandi. Shuningdek, birlashma kadrlar boʻlimi hamda iqtisodchisi tomonidan M.Otaxonovaga qolgan yarim stavka ish oʻrnini ham taʼminlab bermaganligi ayon boʻldi.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 234-moddasi (Bola ikki va uch yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan taʼtillar) 5-qismiga koʻra bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi, tugʻruq taʼtiliga chiqib ketgan xodim oʻrniga kelgan fuqaro bilan mazkur Kodeksning 75-moddasi (Mehnat shartnomasining muddati)1-qisimga koʻra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi belgilangan. Bundan tashqari Kodeksning 105-moddasi (Muddatli mehnat shartnomasini muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish) 3-qismiga koʻra, ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim boʻlgan xodimning ishda boʻlmagan vaqtiga moʻljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan eʼtiboran bekor qilinishi koʻrsatib oʻtilgan.
Bundan koʻrinib turibdiki, birlashma mansabdor shaxslari tomonidan Mehnat Kodeksining bir nechta moddalari talablari buzilgan. Izboskan tumani adliya boʻlimi tomonidan ushbu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan majburiy taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnomaga asosan M. Otaxonova oldingi ish joyiga qaytarilib, sentyabr hamda oktyabr oylarida ishlagan oylik ish haqlari belgilangan tartibda toʻlab berilishi taʼminlandi.

Axadjon Gʻulomjonov,
Izboskan tumani adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi