Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Yangi Mehnat Kodeksida nafaqat ayollar uchun balki erkaklar uchun ham alohida kafolatlar bor



O‘zbekiston Respublikasining  2022-yil 28- oktyabrdagi Qonuni bilan “Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi” tasdiqlandi.

1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi 2 ta qism, 15 ta bob va 294 ta moddadan iborat. Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi esa 2 qism, 7 bo‘lim, 34 ta bob va 581 moddadan iborat. Yangi kodeks birinchi va umumiy qismining o‘zi 9 ta bobni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bunda mehnat huquqiga doir umumiy qoidalar va asosan, mehnat munosabatlariga doir fundamental qoidalardan iborat. Biroq umumiy qismda bor-yo‘g‘i 93 ta modda bor. Ya’ni, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi amaldagisiga qaraganda 19 ta bobga va 287 ta moddaga ko‘p. Bu raqamlardan anglashimiz mumkinki, yangi tahrirdagi mehnat kodeksi ish beruvchi va xodimlarning mehnat qilish huquqlari kafolatlanishini mustahkamlaydi.

 Yangi tahrirda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilandi:

• mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;

• mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;

• mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;

• mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;

•    xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

   Xususan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida bir qator o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, ishga kirishdan avval nomzodlar ish beruvchiga taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlar miqdori ko‘paygan. Ya’ni yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra nomzod ish beruvchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

• pasportni yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani (avvaldan bor);

• oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasi (avvaldan bor)ni yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma (yangilik)ni, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno;

• o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o‘rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani (avvaldan bor);

• harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani (avvaldan bor);

• oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha ishga kirish chog‘ida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani yoxud boshqa tegishli hujjatni (yangilik);

• soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini (yangilik);

• jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi (yangilik)ni, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno.

Ushbu hujjatlarni taqdim etish natijasida elektron axborot almashinuvi osonlashadi. Xodim va ish beruvchi uchun bir qator qulayliklar yaratiladi.

Yangi Mehnat kodeksi 397-moddasiga ko‘ra, 3 yoshga to‘lmagan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.

   Amaldagi Mehnat kodeksi 228-1-moddasiga ko‘ra esa bu kafolat byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ayollargagina taqdim qilinadi.

   Yangi Mehnat kodeksi 407-moddasiga ko‘ra, 2 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq nafar farzandi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi.

   Amaldagi Mehnat kodeksi 236-moddasiga ko‘ra, bu kafolat ayollarga taqdim qilingan edi. Faqatgina onasiz bolalarni (ona vafot etgan, onalik huquqlaridan mahrum etilgan, uzoq vaqt davolash muassasalarida bo‘lgan va bolalari to‘g‘risida ona sifatida g‘amxo‘rlik qilmagan boshqa hollarda) tarbiyalayotgan otalarga, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning vasiylariga (homiylariga) ham tatbiq etiladi.

   Yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra otalar ham bemalol bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar faqat ota-onadan biri bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lmagan va bunday tanaffuslardan foydalanmayotgan taqdirda beriladi.

   Bundan tashqari, Yangi Mehnat kodeksi 407-moddasiga ko‘ra, ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida o‘z xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tili:

- birinchi ish yili uchun – ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar;

- keyingi yillarda – ta’tillar berish jadvalidan qat’i nazar beriladi.

Bundan tashqari, xodimlarning noroziligiga sabab bo‘layotgan da’vo muddatlarida ham sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, yangi tahrirdagi Kodeksning 560-moddasiga asosan, ishga tiklash to‘g‘risidagi da’vo muddati mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi xodimga topshirilgan kundan e’tiboran 3 oy deb belgilandi. Amaldagi Mehnat kodeksining 270-moddasida esa bu 1 oy qilib belgilangan edi. Boshqa mehnat nizolari bo‘yicha da’vo muddati xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oy deb belgilandi. Amaldagi Mehnat kodeksida esa, bu muddat 3 oy deb belgilangan edi. Bu o‘zgarishlar natijasida xodimlar o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash uchun tegishli organ va tashkilotlarga murojaat qilishga yetarli muddat deyish mumkin.

Shuningdek, amaldagi Mehnat kodeksining 134-moddasiga asosan, xodimlarga 15 ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik asosiy ta’til berilishi belgilangan. Yangi tahrirdagi Kodeksning 217-moddasiga asosan esa har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etishi belgilangan. Ushbu norma Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Haq to‘lanadigan ta’til to‘g‘risida”gi 1970-yilgi konvensiyasining 3-moddasiga asosan ya’ni “bir yillik ish uchun beriladigan ta’til miqdori har qanday holatda uch ish haftasidan kam bo‘lmasligi kerak” ekanligini inobatga olib, xalqaro standarlarga mos ravishda o‘zgartirildi.

   Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksning 208-moddasiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilishi belgilab qo‘yilgan. Bu norma amaldagi kodeksda nazarda tutilmagan norma hisoblanadi.

   Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ayollarga homilani antenatal (tug‘ruqqacha) parvarishlash uchun qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilganligi, masofadan turib ishlash tartibi qonunlashtirilganligi, uy ishchilarining mehnati huquqiy jihatdan tartibga solinganligi, xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish mexanizmi joriy etilganligi, xodimlarning o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilish tartibi aniqlashtirilganligi natijasida xodimlarning mehnat qilish huquqlarini xalqaro standarlarga mos ravishda yanada kafolatlandi.

  Ushbu yangi mehnat kodeksi 2023-yil 30-aprelda kuchga kiradi.Qonun kuchga kirishi bilan uning avvalgi talqini o‘z kuchini yo‘qotadi.

Lolaxon Mirdosova,
Paxtaobod tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti.