Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Dilmurodxon 26 yoshida Oʻzbekiston fuqaroligini oladigan boʻldi



Dilmurodxon Ismoilova 1997-yilda Qoʻrgʻontepa tumanida tugʻilgan. Tugʻilganligi tuman FHDYO boʻlimi tomonidan ham tegishli tartibda qayd qilingan. Biroq pasport olish yoshiga yetganda hujjatlarni “pasport stoli”ga olib borganda unga Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi berilgan. Boisi Dilmurodxonning ota-onasi Dilshodbek va Dilabzoxon Ismoilovlar farzandlari tugʻilishidan oldin Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatidan koʻchib oʻtishgan. Shu sababli Ismoilovlar oilasi uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston fuqaroligini olish orzu qilib kelishadi. Fuqarolik olish uchun ularning murojaat qilmagan joyi qolmadi.

Adliya boʻlimlari tomonidan oʻtkazilayotgan huquqiy targʻibot tadbirlari, mahallalardagi sayyor qabullardan birida Dilmurodxon yaxshi niyat ilinjida yana bir marotaba murojaat qildi.

Murojaat oʻrganilganda haqiqatan ham ushbu fuqaro 1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasida tugʻilganligi, 1997-yildan hozirga qadar Qoʻrgʻontepa tumanining Norboʻta mahallasida yashayotganligi oʻz isbotini topdi. Biroq Qoʻrgʻontepa tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda doimiy roʻyxatga qoʻyilganligi boʻyicha maʼlumot (uy daftari) yoʻq boʻlganligi sababli ushbu holat yuzasidan doimiy yashaganlik faktini tasdiqlash lozimligi aniqlandi.

Oʻrganish yakunlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tuman adliya boʻlimi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tumanlararo sudiga Dilmurodxon Isroilovaning manfaatini koʻzlab “Doimiy yashaganlik faktni tasdiqlash haqida” daʼvo arizasi kiritildi.

Suddagi aniqlangan holatlar, guvohlarning koʻrsatmalari va ishga ilova qilingan boshqa hujjatlar, arizachining yashaganligini koʻrsatgan manzil va muddatlar xam asosli ekanligi tasdiqlanib, sudya daʼvo arizasini qanoatlantirdi. Shuningdek, Dilmurodxon Isroilovaning 1997-yildan hozirga qadar Qoʻrgʻontepa tumani Norboʻta mahallasida doimiy yashaganlik fakti belgilandi.

Prezidentning 2021-yil 10-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 27-bandiga koʻra, 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganligini va doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻn besh yil va undan ortiq yil davomida doimiy yashab kelayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinganda Fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olinishi belgilangan.

Dilmurodxon Isroilovaning doimiy yashaganlik fakti belgilanganligi hisobga olinib, unga ID-karta topshirildi.

Sherzod Yusupov,
Qoʻrgʻontepa tumani
adliya boʻlimi boshligʻi.