Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Tadbirkorga 400 million soʻmdan ortiq kompensatsiya puli undirib berildi



Andijon shahar hokimining 2000-yil 22-iyundagi Farmoyishi bilan tadbirkor Akbarjon Abdukaxarovga shaharning Doʻstlik mahallasi hududidan 0,11 ga yer maydoni “Choyxona, sartaroshxona, mahalla idorasi, dorixona binolari” qurish uchun berilgan. Bir vaqtlar boʻsh turgan joy oʻrnida koʻrkam bino qurib, bir necha yillar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelgan.

Ammo oradan 18 yil oʻtib, tadbirkorga tegishli boʻlgan ushbu yer uchastkasi Andijon shahar bosh rejasiga asosan Loyihaviy Furqat koʻchasi ochilishi rejalashtirilgach shahar hokimining 2018-yil 23-noyabrdagi qarori bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan buzilishga tushgan va toʻliq buzib tashlangan.

Oradan ikki yil oʻtib, 2020-yilning dekabr oyida shahar hokimligi va mulkdor oʻrtasida kelishuv shartnomasi tuzilib, imzolangan. Shartnoma shartlariga koʻra, shahar hokimligi tomonidan tadbirkorga tegishli boʻlgan binolar buzilishga tushganligi sababli oʻrniga va tovon puli evaziga shahar hududidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun oʻlchami 400,0 kv.metrdan iborat beshta yer uchastkasi ajratib berish majburiyatini olgan. Biroq hokimlik tomonidan mazkur kelishuv shartnomasiga asosan atigi ikkita yer uchastkasi ajratib berilgan xolos. Qolgan yer maydoni esa paysalga solib kelingan.

Akbarjon Abdukaxarov Andijon shahar adliya boʻlimiga murojaat qilib, bugungi kunga qadar ajratib berilmagan yer uchastkalari uchun shahar hokimligidan kompensatsiya pullarini undirib berishni soʻragan.

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 8-bandiga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan. Yer kodeksining 41-moddasida esa yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlarining buzilishi natijasida yetkazilgan zarar (shu jumladan boy berilgan foyda) toʻla hajmda qoplanishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.

Andijon shahar adliya boʻlimi yuqoridagi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanib, tadbirkorning manfaatini koʻzlab, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritdi.

Sudning 2023-yil 16-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, Andijon shahar hokimligidan tadbirkor Akbarjon Abdukaxarov foydasiga buzilgan savdo doʻkoni bino-inshooti uchun baholash xulosasi asosida 432 million 852 ming 516 soʻm kompensatsiya toʻlovi va 2 million 514 ming 900 soʻm moddiy zararni undirish belgilandi.

Azizbek Raupov,
Andijon shahar adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi