Bog'lanish

Telefon
(+998 74) 223-49-02

Elektron manzil
andijon@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Hamshiralarga homiladorlik va tugʻish taʼtillari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan 248 million soʻm nafaqa pullari undirib berildi



Homiladorlik va tugʻish taʼtili (xalqimiz orasida “dikret” taʼti) berilishi ayollar uchun muhim kafolat boʻlib, ona va bolalikni himoya qilishni taʼminlaydi.

Amaldagi mehnat qonunchiligimizda ayollarga tuqqunga qadar yetmish va tuqqanidan keyin esa ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi. Taʼtil jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʻliq beriladi.

Afsuski, ayrim rahbarlarda huquqiy madaniyatning yetishmasligi, qonunchilik bilan yaqindan tanish emasligi bir qator qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilishiga sabab boʻlmoqda.

Shunday qonunbuzilish holatlari yuz berganida kimdir xabar bermoqda. Ammo aksariyat holatlarda koʻplab yurtdoshlarimiz oʻzlariga berilgan imtiyozlardan foydalanaolmayotgani aniqlanmoqda.

Masalan, Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasi ichki kasalliklar boʻlimi hamshirasi Moxibonu Raximova tuman adliya boʻlimiga murojaat qilib, 2022-yilning sentyabr oyida homiladorlik va tugʻish taʼtiliga chiqqan boʻlsada, shu kunga qadar qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa pullari toʻlanmaganligini maʼlum qilgan.

Murojaat asosida tibbiyot birlashmasida ayni shu yoʻnalish boʻyicha monitoring tadbirlari oʻtkazildi.

Oʻrganish davomida nafaqat M. Rahimovaga, balki yana 31 nafar xodimga oktyabr oyi uchun 154 million 469 ming 333 soʻm, noyabr oyida esa 17 nafar xodimga 89 million 287 ming 958 soʻm nafaqa pullari berilmaganligi aniqlandi.

Vaholanki, Mehnat kodeksining 148-moddasida taʼtil uchun haq toʻlash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin taʼtil boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshirilishi belgilangan boʻlsada, yuqoridagi xolatlarda qasddan taʼtil pullari toʻlanmasdan kelingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, adliya boʻlimi tomonidan Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi nomiga birlashma tizimida ishlab kelayotgan qirq sakkiz nafar xodimlarga homiladorlik va tugʻish taʼtil pullarini oʻz vaqtida toʻlab berilishini yuzasidan taqdimnoma kiritildi. Natijada Moxibonu Rahimovaga 5 million 221 ming 868 soʻm hamda qolgan 48 nafar xodimga jami 243 million soʻmdan ortiq nafaqa pullari undirib berildi.

Ziyodbek Mansurov,
Baliqchi tumani adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi.