Янгиликлар
“Fuqarolik jamiyati institutlari tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Joriy yilning 27 sentabr kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida “Fuqarolik jamiyati institutlari tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgust kungi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-124-son Farmoni mazmun-mohiyati va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada takomillashtirish yo‘lidagi ahamiyatini keng tushuntirish, ushbu sohada davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, hujjatda ifoda etilgan asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirishga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.
Tadbirda ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, jamoat tashkilotlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va ahamiyatini tubdan yuksaltirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan yangi farmon “uchinchi sektor” tashkilotlarini yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Ayniqsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan asosiy yo‘nalish va muhim vazifalar mazkur hujjatda aniq belgilab berilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Davra suhbati davomida bo‘lib o‘tgan baxs-munozaralar, muhokamalar va savol-javoblarda ishtirokchilar tomonidan Farmon Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish yo‘lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy va uzviy davomi bo‘lib, dasturilamal sifatida xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Farmonda belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni tizimli va samarali ro‘yobga chiqarishga qaratilgan aniq taklif va amaliy tavsiyalar ilgari surilib, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.