Янгиликлар
20
Rasmiy munosabat
Instagram ijtimoiy tarmog'idagi "subsidiyamarkazi" akkounti tomonidan joriy yilning 19-noyabr sanasidagi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Elchixona tan olgan bolani Andijon tuman FHDY bo‘limi nega tan olmayapti” mazmunidagi xabar Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi va quyidagilar ma’lum qilinadi:
Aniqlanishicha, fuqaro Z.M. 2020-yil 10-mart kuni Rossiya Federatsiyasi hududida farzandini dunyoga keltirgan. Mazkur holat Rossiya Federatsiyasining Moskva oblastida 2020-yil 12-martda rasmiylashtirilgan 46-MSR 187445-sonli tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. Fuqaro Z.M.ning tushuntirishiga ko‘ra, u farzandiga Rossiya Federatsiyasida tug‘ilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirmagan hamda uning tug‘ilishini qayd etish maqsadida joriy yilning mart oyida Andijon tuman FHDY bo‘limiga murojaat etgan. Mazkur murojaat Andijon tuman FHDY bo‘limi tomonidan o‘rganilib, bolaning tug‘ilganligi vakolatli organlar tomonidan qayd etilgan yoki etilmaganligiga aniqlik kiritish maqsadida 2026-yil 1-aprel kuni Rossiya Federatsiyasiga elektron so‘rovnoma yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2013-yil 31-dekabrdagi 2547-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 43-bandiga muvofiq, tug‘ilishni qayd etish uchun belgilangan bir oylik muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda, FHDY organiga: tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborish sabablari ko‘rsatilgan ariza (Yo‘riqnomaning 15-ilovasiga muvofiq shaklda);
bola (shaxs)ning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma;
bola (shaxs)ning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Bunda FHDY organlari bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgan yoki qayd etilmaganligini elektron axborot tizimi orqali aniqlaydi. Andijon tuman FHDY bo‘limi tomonidan avval ham bir necha marotaba so‘rovnoma yuborilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar tegishli javob kelmaganligi sababli 2026-yil 20-noyabr kuni takroriy ravishda elektron so‘rovnoma yuborilishi ta’minlandi. Jarayon Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.